Uzbek Language Learning Podcasts
By CeLCAR, Indiana University
To listen to an audio podcast, mouse over the title and click Play. Open iTunes to download and subscribe to podcasts.
Podcast Description
Uzbek Language Learning Podcasts from CeLCAR
| Name | Description | Released | Price | ||
|---|---|---|---|---|---|
|
1 |
Uzbek podcast 032406 | Navro‘z bayramida ko‘pkari oyinlari Navro‘z bayramida O‘zbekistonnig Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida ko‘pkari o‘yinlari o‘tkaziladi. Ko‘pkari yoki uloq O‘rta Osiyo xalqlarining chavandozlik bellashuvi bo‘lib, u asosan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik yigitlarining chavandozlik bellashuvidir. Mazkur bellashuvda chavandozlar ot ustida musobaqa shartlarini bajarishadi. Kun chiqqandan kun botgunicha davom etadigan musobaqada yuzlab chavandoz ishtirok etadi. Ko‘pkari bahsida so‘yilgan uloq (echki bolasi) tanasi musobaqa hakamlari tomonidan o‘rtaga tashlanadi. Eng chapdast va jasur chavandoz yerdan uloqni olib, uni taqimga qisib, maydonni gir aylantirgancha, belgilangan manzilga keltirib tashlaydi. G‘olib chavandozga sovrin sifatida ot, qo‘y, mol, tuya, gilam, to‘n, pul yoki taqinchoqlar beriladi. Shu bilan birga, g‘olib sharafli nom - botir nomini oladi. Ko‘pkarida chavondozlar jamoa bo‘lib harakat qilishlari ham mumkin. Bunda sovrin jamoa a’zolari o‘rtasida bo‘lishiladi. Ba’zan ko‘pkarida keksa chavandozlar sinalgan otlarini yosh chavandozlarga “kira”ga berib turishadi. Agar yosh chavandoz g‘olib kelsa, sovrinni otning egasi bilan bo‘lishadi. Umuman, ko‘pkari o‘g‘il bolalarni sog‘lom, qo‘rqmas va jasur qilib voyaga yetkazishda katta ahamiyatga ega. | 3/24/06 | Free | View In iTunes |
|
2 |
Uzbek podcast 031006 | Sumalak Sumalak Navro‘zning shoh taomi bo‘lib, u ilk ko‘klam darakchisi, baraka, hosildorlik, to‘kin-sochinlik, ahillik, tan-sihatlik va ezgulik timsolidir. Sumalak haqida juda ko‘p afsonalar mavjud. Biroq ularning hammasida umumiy mazmun bor: Bolalarni ochlikdan qutqazish maqsadida chora izlagan ona ko‘katdan taom pishirishga intiladi. Unga farishtalar yordamga keladi. Tongda taomga ilohiy ta’m kiradi. Natijada bu taom bolalarni o‘limdan saqlab qoladi. Sumalak tayyorlashdan oldin yoshi ulug‘ kishilarning duolari olinadi. Ota-bobolarning ruhlarini shod etish uchun qur’on tilovat qilinadi. Sumalakni tayyorlash jarayoni ayollarning o‘ziga xos marosimiga aylanib ketadi. Sumalak ayollarning bir jamoa bo‘lib harakat qilishi natijasida tayyorlanadi. Ular sumalak tayyorlash, uni pishirish paytida bir-birlari bilan suhbat qilishadi, turli hikoyalar va latifalar aytishadi. Shuningdek, sumalak ishtirokchilari childirma (doira) chalib, raqsga tushishadi, qo‘shiq aytib o‘yin-kulgi qilishadi. Uy bekalari sumalak ishtirokchilari uchun ko‘k chuchvara, ko‘k somsa, qatlama, chalpak singari tansiq taomlar tayyorlashadi. Sumalak tayyorlashda erkaklarning ham o‘ziga yarasha yumushlari bor. Ular sumalak uchun o‘choq qazishadi, o‘tin tayyorlashadi va olovni nazorat qilishadi. Sumalak uchun bug‘doy donini qulay sharoitda undirib, uni kelida tuyib shirasi olinadi. So‘ng unga yog‘, un qo‘shib katta doshqozonda 13-14 soat qaynatiladi. Qozonga solinayotgan har bir narsa oldidan duo va yaxshi niyatlar qilinadi. Sumalak tagiga olmasligi uchun qozonga tosh va yong‘oq solinadi. Shuningdek, sumalakni ayollar galma - galdan kovlab turishadi. Sumalak kovlash ham savob ish hisoblanadi. Uni yahshi niyatlar, ezgu orzular va el-yurt uchun baraka tilab kovlanadi. 13-14 soatdan so‘ng sumalak tayyor bo‘ladi. Qozonning usti asta-sekin yopiladi va 2-3 soat tindiriladi. Qozonning tagidagi o‘t o‘chiriladi. Keyin qozonni ochib, elu yurtga sumalak tarqatiladi. An’anaga ko‘ra sumalakni birinchi yoshi ulug‘ kishilarga va masjidlarga atab idishlarga solinadi. | 3/10/06 | Free | View In iTunes |
|
3 |
Uzbek podcast 030306 | Navro‘z Navro‘z – O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy bayramidir. Bu bayram bahor faslida, kecha bilan kunduzning tenglashgan payti, ya’ni 21-22 martda nishonlanadi. Navro‘z so‘zi forscha nav “yangi” va ro‘z “kun” so‘zlarining birlashmasidan hosil qilingan bo‘lib, yangi kun ma’nosini anglatadi. Navro‘z bayramini barcha fors, arab, turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlar har yili bahorda nishonlab kelishgan. Bu qadimiy, an’anaviy Yangi yil bayrami hisoblanadi. Qadimda Navro‘z kunlari dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar yerga qo‘sh solishgan. O‘tgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ularning mozorlari obodonlashtirilgan. Ommaviy ravishda mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazilgan. Ko‘pkari-uloq, kurash, turli hayvon va parrandalar “jang” lari, xo‘roz, it, qo‘chqor urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor o‘yinlari singari xalq tomoshalari tashkil qilingan. Bayram kunlari urishgan do‘st-og‘aynilar, qarindosh-urug‘lar yarashib, bir-birlarini Navro‘z bilan tabriklashgan. Hozirgi kunda ham Navro‘z arafasida xayriya ishlari: muhtojlarga yordam berish va qariyalarni ziyorat qilish, kasallar holidan xabar olish ishlari amalga oshiriladi. Navro‘z arafasida va bayram kuni sumalak, halim, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabi taomlar pishiriladi. Navro‘zning shoh taomi bo‘lgan sumalakni ayollar, halimni esa erkaklar tayyorlashadi. Ularning ikkisi ham bir kun davomida tayyor bo‘ladi. Sumalak va halim vitaminlarga boy, yuqori kaloriyali taom hisoblanadi. Bu taomlarni Navro‘zda to‘yib iste’mol qilgan kishi keyingi ko‘klamgacha tetik va sog‘lom bo‘ladi. Navro‘z kuni barcha joylarda katta tomoshalar, tantanalar bo‘lib o‘tadi. Bayramda O‘zbekistonga turli mamlakatlardan mehmonlar kelishadi. Bayram tantanalari Toshkentdagi Milliy bog‘da o‘tkaziladi. Bu kuni har xil tomoshalar, sayillar bo‘ladi. | 3/3/06 | Free | View In iTunes |
|
4 |
Uzbek podcast 021706 | Sevishganlar kuni Sovet Ittifoqi davrida 23 fevral Qizil Armiya kuni sifatida, shuningdek, erkaklar bayrami sifatida nishonlangan. Bu kunda xotin-qizlar otalariga, turmush o‘rtoqlariga, sevgan yigitlariga, do‘stlariga, erkak kasbdoshlariga sovg‘alar berib, ularni tabriklashgan. Hozirda Rossiyada 23 fevral Vatan himoyachilari kuni sifatida nishonlanadi. Vatan himoyachilari kuni O‘zbekistonda 14 yanvarda nishonlanadi. 8 martda esa Xotin-qizlar kuni bayram qilinadi. Garchi 8-martni xotin-qizlar bayrami sifatida nishonlash 1910 yil Kopengagenda Klara Setkin taklifi asosida qabul qilingan bo‘lsa-da, qadimda O‘zbekistonda erta bahor ayollar oyi (Isfandarmo‘z) hisoblanib, shu oyning 5-kuni maxsus nishonlangan. Keyingi yillarda O’zbekistonda 14 fevral kunini Sevishganlar kuni (Valentin kuni) sifatida nishonlash asta-sekin ommaviylashib bormoqda. Biroq o‘zbeklar orasida bu bayramni nishonlash to‘g‘risida turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, ko‘pchilik ota-onalar, o‘qituvchilar mazkur bayramni diniy, milliy va mafkuraviy nuqtai nazardan o‘zbek mentalitetiga to’g’ri kelmasligini aytishmoqda. Ularning fikricha, Sevishganlar kuni o‘zbek urf-odatlariga zid bayram bo‘lib, u yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksariyat o‘zbek yoshlari esa Sevishganlar kuni yoshlarning ongiga singib, ko‘nglidan joy olgan, uni ta’qiqlab bo‘lmaydi, deb hisoblashadi. | 2/17/06 | Free | View In iTunes |
|
5 |
Uzbek podcast 022406 | Boychechak Boychechak ilk bahor darakchisidir. Shuning uchun ham Sharq xalqlari bu gulning ochilishini ko‘klam nishonasi deb bilishgan. Erta bahorda bolalar to‘da-to‘da bo‘lishib, qir-adirlardan boychechak qidirishgan. Kim birinchi bo‘lib boychechakni topsa, uni baxtli hisoblashgan. Bolalar topib olgan boychechaklarini bekitib olib, hovlima-hovli yurib qo‘shiq aytishgan. Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yugurib chiqqan boychechak. Boychechagim boylandi, Qozon to‘la ayrondi. Ayroningdan bermasang, Qozon-tovog‘ing vayrondi. Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak. Boychechakni tutdilar, Tut yog‘ochga osdilar, Qilich bilan chopdilar, Baxmal bilan yoptilar... Boychechak qo‘shig‘ini eshitgan odamlar shunday kunga yetib kelganiga shukr qilib, quvonishgan. Ayniqsa, bemorlar bu qo‘shiqni jon-dilidan sevishgan. Ular bahor kelganini bilib, o‘zlarini yengil his qilishgan. Bolalar boychechakni avvalo qariyalarga berishga intilishgan. Chunki ular boychechakni g‘oyat qadrlashgan. Bu gul ularga qishdan eson-omon chiqqanligi, yana bahor kelib, yangi hayot boshlanganidan dalolat bergan. Shuning uchun ham qariyalar boychechakni ko‘zlariga surtib, “Omonlik-somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik, yanagi shu kunlarga eson-omon yetaylik” deb yaxshi niyatlar qilishgan. | 2/17/06 | Free | View In iTunes |
|
6 |
Uzbek podcast 021006 | ALISHER NAVOIY (1441 - 1501) 9 – fevral kuni ulug‘ o‘zbek shoiri, o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi, mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludiga 565 yil to‘ldi. Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Hirotda tug‘ilib, umrining asosiy qismini shu yerda o‘tkazgan. Uning otasi G‘iyosiddin Muhammad temuriylar saroyining amaldorlaridan, xonadonning ishonchli kishilaridan bo‘lgan. Alisher kichiklik chog‘idan she’r va musiqaga qiziqdi. Olimu fozillar davrasida bo‘ldi. U yetti yoshidayoq Farididdin Attorning 'Mantiqut-tayr' asarini yod olgan edi. Alisher maktabda bo‘lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o‘qidi. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim oldi, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo‘ldi. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o‘tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi. Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she’rlarini yig‘ib, 'Ilk devon' (1464-65) tuzadilar. Navoiyning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq 'Xazoyinul-maoniy' nomli to‘rt devon (1491-1498)ga jamlangan. Alisher Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi 'Xamsa' asari (1483-85)dir. Shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq 'Xamsa' yaratdi va turkiy tilda shunday ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. 'Xamsa' tarkibiga 'Hayrat ul-Abror', 'Farhod va Shirin', 'Layli va Majnun', 'Sab'ai sayyor', 'Saddi Iskandariy' kabi dostonlar kiradi. Navoiy fors adabiyoti va adabiy tili bilan raqobat qila oladigan katta bir adabiyot yaratish va u orqali turkiy til imkoniyatlarini ko‘rsatib berishdek ulkan vazifani o‘z zimmasiga oldi va bu sharafli ishni uddasidan ciqa oldi. Navoiyning 'Muhokamatul-lug‘atayn' asari o‘z zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususiyatlari bilan qiyoslashga bag‘ishlangan. Jonli xalq tilida qo‘llanilgan ko‘plab so‘zlarni asarga kiritib, ularni adabiy tilda shakllantirdi. Mahmud Qoshg‘ariydan so‘ng o‘zbek tili grammatikasiga ilmiy asos soldi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, O‘zbekiston Davlat mukofoti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti, Opera va balet akademik teatri, O‘zbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma’rifiy muassasalar, jamoa xo‘jaliklari ulug‘ shoir nomi bilan ataladi. | 2/10/06 | Free | View In iTunes |
|
7 |
Uzbek podcast 020306 | Ўзбекистонда одатдан ташқари кўп қор ёғмоқда Ўзбекистонда ўтган асрнинг 60-йиллари ўрталаридан буён кузатилмаган кучли қор ёғмоқда. 27 январь куни тушгача Тошкентда 50 сантиметр қалинликда қор ёғди. Бу қуёшли мамлакатдаги ўртача ойлик нормадан анча юқоридир. Енгил машиналарини кечаси очиқ осмон остида қолдириб кетганлар эрталаб уларни қор остидан қазиб олишга мажбур бўлдилар, бироқ улар кўп юрмасдан қор остида яшириниб қолган ариқ ва бошқа чуқурларга тушиб қола бошладилар. Кўчада ўйнаётган болаларнинг ёрдамисиз у ерлардан чиқиб кетиб бўлмасди. Чорраҳаларда йўл-транспорт ҳодисаларининг сони бирданига ошиб кетди. Таксичилар бензиннинг кўп сарфланаётганлигини рўкач қилиб, нархларни ошириб юбордилар. Шаҳар ташқарисида транспорт қатнови бузилган. Қишлоқ йўллари шунчалик тўсилиб қолганки, уларда ҳатто тракторларнинг юриши ҳам қийин бўлиб қолди. Шаҳарлараро автойўлларда эса машиналар тиқилиб, уларнинг тўпланиб қолишига сабаб бўлмоқда. У ерларда қурилиш бригадалари ишчилари аҳволни ўнглаш устида ишламоқдалар. Қор уюмларининг катталигидан ва кўчки кўчиши хавфи туфайли тоғ довонлари орқали ўтадиган йўллар вақтинчалик ёпилган. Бу орада синоптиклар қор ёғиши шу яқин кунларда давом этишини кутишмоқда. Кучли ёғинни кунлар илишини ваъда қилаётан, бироқ бошланиши учун ҳақиқий қор бўрони билан енгиллашиб олаётган илиқ атмосфера фронти пайдо қилган. Гидрометмарказининг айтишича, февралнинг биринчи кунлариёқ ҳарорат бутун Ўзбекистон бўйлаб, энг шимолий туманлар бўлган Қорақалпоғистон ва Хоразмдан ташқари, тезда 6-10 градусгача илиб кетади. Бугунги кунда тоғларда йиғилаётган қорларнинг тез эриши кўчки ва тошқинларни келтириб чиқариши мумкин. | 2/3/06 | Free | View In iTunes |
|
8 |
Uzbek podcast 012706 | O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga rasman a’zo bo‘ldi Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar rahbarlari Davlatlararo kengashining Sankt-Peterburg sammitida O‘zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi. Davlatlararo kengashning kengaytirilgan tartibdagi majlisida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Albatta, O‘zbekiston Hamjamiyat safiga qo‘shilganidan keyin tashkilotning mazmun-mohiyati sezilarli darajada o‘zgaradi. Demak, tashkilotning rejalarini, uning doirasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim. Prezidentlar bu xususda fikr almashar ekanlar, Hamjamiyatning faqat iqtisodiy tuzilma emas, xalqaro tashkilot sifatida ham nufuzi oshib borayotganini ta’kidladilar.Shu o‘rinda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati haqida. 1995 yilda tuzilgan Bojxona ittifoqi negizida tashkil topgan Hamjamiyatning strategik maqsadlari a’zo davlatlar o‘rtasida integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan. Bu murakkab vazifa bosqichma-bosqich Erkin savdo zonasini tashkil etish, keyinchalik Bojxona ittifoqini tuzishdan iborat. Bularning barchasi yagona umumiy bozor shakllanishiga olib keladi.Bugun bu atamaning mohiyatini alohida ochishga hojat yo‘q. Umumiy bozorni ta’riflash uchun hozirgi Yevropa Ittifoqini misol keltirishning o‘zi kifoya. Ya’ni, a’zo mamlakatlar orasida ishchi kuchi, tovarlar va xizmatlar erkin harakatda bo‘ladi. Bojxona to‘lovlari faqat uchinchi mamlakatdan keladigan tovarlar uchun joriy etiladi va ular ham bir marta olinadi. | 1/27/06 | Free | View In iTunes |
|
9 |
Uzbek podcast 012006 | Тошкентдаги зилзилаларни ярим йил олдин айтиб бериш мумкин Тошкентда 1966 йилда бўлиб ўтган фожеавий зилзила пайтида мутахассислар ер ости силкинишларидан бир қанча вақт олдин артезиан қудуқларидаги сувнинг кимёвий таркиби ўзгаришини аниқладилар. Зилзила марказига яқин жойдаги ерости қатламларидаги босим қаттиқ моддалардан минералларнинг микроскопик зарраларини ажратиб юборади. Ўзбекистон Фанлар академиясининг сейсмология институти мутахассислари таъкидлашмоқдаки, улар ишлаб чиққан усул орқали Тошкент ва унинг яқинидаги зилзилаларни 5-6 ой олдиндан айтиб бериш мумкин. Агар артезиан қудуқларидаги сувнинг минераллашиш даражаси 1,2 баробар ошиб кетса, ана шундай башорат қилиш мумкин. Ер қимирлашининг сувли қатламлар ҳолатига қараб ўртача вақт учун олдиндан айтиш дунёнинг сейсмик жиҳатдан яхши бўлмаган кўпгина минтақаларида, масалан, Японияда қўлланилади. Тўғри, бу усул асосида бўлажак фожеанинг аниқ соати ва вақтини айтиб бўлмайди. 1980 йилда Тошкент яқинидаги Назарбек шаҳарчасида бўлиб ўтган 8 балл кучдаги (магнитудаси бўйича 1966 йилдаги зилзилага баробар) ер қимирлашини олдиндан айтиб бўлмади. Сўнгги йигирма беш йил ичида Ўзбекистон пойтахтида кучли ер силкинишлари кузатилгани йўқ. Ўзбек сейсмологлари ерости сувлари кимёвий таркибининг шкалалар ўзгариши уларга стихиянинг даракчиларини ўз вақтида аниқлаб, ҳатто бостириб келаёган ҳалокатнинг кучини ҳам тахминан айтиб бериш имконини беради, деб ишонишади. | 1/20/06 | Free | View In iTunes |
|
10 |
Uzbek podcast 011306 | Маккаи муккарамада меҳмонхона қулаган Ҳаж ибодатини адо этиш учун келган мусулмонлар жойлашган меҳмонхона биноси қулаши оқибатида камида ўн беш киши ҳалок бўлган, деб хабар қилган Саудия телевидениеси. Шунингдек, кўплаб инсонлар жароҳат олган. Қутқарувчилар вайроналар остидан жабрланганларни олиб чиқишни бошлаганлар. Хабарларга кўра, меҳмонхонада Миср, Тунис ва Бирлашган Араб амирликларидан келган мусулмонлар жойлашган бўлган. Бино нима сабабдан қулагани ноаниқлигича қолаётир. Бу йил муқаддас ҳаж зиёратига бир миллиондан ортиқ мусулмон йиғилган. Ўзбекистондан Маккаи мукаррамага беш минг киши ҳаж ибодатларини адо этиш учун келган. Сўнгги ўн беш йил мобайнида муқаддас ҳаж зиёратига келадиган мусулмонлар сони ўн бир баробар ортган. | 1/13/06 | Free | View In iTunes |
|
11 |
Uzbek podcast 010606 | Yurtdoshlarimiz haj ziyoratiga yo`l olishdi. Dunyo musulmonlarining qutlug` ayyomlaridan biri - Qurbon hayiti yaqinlashmoqda. Diyorimiz musulmonlari ham haj amallarini ado etish niyatida Saudiya Arabistoniga yo`l oldilar. Ushbu bayram kunlarida muqaddas Ka’bani tavof etib, payg`ambarimiz Muhammadning (s.a.v) qabrlarini ziyorat qiladilar.Vatanimiz istiqlolga erishgandan keyin xalqimiz haj amallarini ado etish imkoniyatiga ega bo`ldi. Bu yil ham minglab yurtdoshlarimiz musulmonlar uchun farz qilingan islom dinining beshinchi ruknini bajaradilar.Bir guruh hamyurtlarimiz 25 dekabr kuni "Toshkent" aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo`nab ketdilar. - Sobiq Sho`ro tuzumi davrida yashagan otam haj ziyoratiga borishdek niyatiga yetolmay, armon bilan ketdi,- deydi Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi Abdulla Ibrohimov. - Vatanimiz mustaqilligi bois bu sharafli vazifa minglab yurtdoshlarimiz qatori menga ham nasib etdi. Haj amallarini ado etish chog`ida Yaratgan egamdan el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, obodlik, farovonlik, barcha ezgu ishlarning tashabbuskori va rahnamosi bo`lgan muhtaram Yurtboshimizga sihat-salomatlik, uzoq umr so`raymiz. | 1/6/06 | Free | View In iTunes |
|
12 |
Uzbek podcast 121605 | O’zbek urf-odatiga binoan beshik va nikoh to’y marosimi Beshik to'yi farzandni beshikka belash va buni do'st-birodarlarga e'lon qilish maqsadida qilinadi. Marosimda ko'proq qarindosh-urug' va oila do'stlari ishtirok etadilar. Beshik kelinchakning ota-onasi tomonidan sotib olinib, marosim kuni chaqaloqqa sovg'a qilinadi. Beshik to'shaklarining eng tagidagisi ichiga guruch sholisining qipig'i solinadi. Chaqaloqni birinchi bo'lib yoshi ulug' ayol beshikka belaydi. Buning ma'nosi chaqaloq uzoq umr ko'rsin, uni belayotgan ayol kabi ko'p farzandli, uvali-juvali bo'lsin deganidir. Marosimga kelgan mehmonlar chaqaloq uchun turli sovg'alar keltiradilar. O'z navbatida mezbon ham ularni turli taomlar va ayniqsa o'zbek milliy taomi osh bilan siylaydi. Nikoh to'yi farzand 23-25 yoshga to'lganda nikoh to'yi marosimi o'tkaziladi. To'yga qadar bolaning onasi kelinning uyiga sovchi bo'lib ikki yoki uch o'ziga yaqin ayollar bilan boradi. Bu hol uch marotabagacha davom etishi mumkin. Ikki o'rtadagi kelishuvga asoslanib to'y kuni belgilanadi va to'y bo'lib o'tadi. Nikoh to'yi ham uch kun davom etadi. Birinchi kun sahargi palov bilan boshlanadi. Kelin va kuyovning uyida qarindoshlar yeg’ilishadi. Ertasi kuni to'y va uchinchi kuni "kelin salom" bo’ladi. "Kelin salom" marosimiga asosan ayollar va bolalar kelishadi. Kuyov va kelinning qarindosh-urug', qo'ni-qo'shnilari kelinning yuzini ko'rish uchun turli sovg'alar olib kelishadi. Shunda kelinning onasi ham ularga sovg’a beradi. | 12/16/05 | Free | View In iTunes |
|
13 |
Uzbek podcast 121405 | Yuragida o`ti bo`lsa yaxshi, o`tida tosh bo`lmasin! O`zbekistonda o`tida tosh yig`ilish bilan bog`liq kasalliklarga chalinganlar soni tobora oshib bormoqda. Buni o`t toshi tufayli jarroh stoliga yotayotganlar sonining oshib borayotgani ham tasdiqlaydi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko`ra, dunyo aholisining 15 foizida o`t toshi kasalligi bor. Har 10 erkakdan birida, har 5 ayoldan birida ayni kasallik kuzatiladi. O`zbekistonda o`tida toshi borlar ko`payib ketayotgani sabablaridan biri ekologiyaning yomonlashuvi ekani aytilmoqda. Shifokor O`ktamjon Ma’rupovning so`zlariga ko`ra, joriy yilning shu davrigacha u ishlaydigan shifoxonada 400 bemorda o`t toshi bilan bog`liq jarrohlik amaliyoti o`tkazilgan. “Keyingi paytlarda sanoat korxonalari joylashgan hududlarda bu kasallik ko`paymoqda. Bu kasallik o`t xaltasining dimlanib qolishi, o`t xaltasining yallig`lanishi va organizmdagi modda almashinuvi buzilishi oqibatida kelib chiqadi”, - dedi shifokor. O`. Ma’rupovning bildirishicha, O`zbekistonda bu kasallik ko`proq ayollarda, yanayam ko`proq semiz ayollarda uchraydi. Chunki ular kamharakatdir. Uning qo`shimcha qilishicha, o`zbekistonliklar kasallik avj nuqtasiga yetgandagina shifokorga murojaat qiladi. Vaholanki, kasallikning ilk bosqichida toshlarni eritish orqali undan osonroq forig` bo`lish mumkin.O`tida tosh bor ayolning ta’kidlashicha, O`zbekistonda bunday bemorlarning davolanishiga shifoxonada ko`rsatiladigan tibbiy xizmatning qimmatligi to`siq bo`lmoqda. Uning o`tida tosh borligi birinchi marta aniqlanganida shifokorlar 60 ming so`mlikka yaqin dori-darmon yozib bergan. Biroq bu dorilarning birortasi kor qilmagan. “So`nggi paytlarda kasalim tez-tez xuruj qilyapti. Operatsiyaga esa o`rtacha 200-500 dollar kerak”,-deydi bemor ayol. | 12/14/05 | Free | View In iTunes |
|
14 |
Uzbek podcast 121205 | Mutaxassislarning fikricha, ayni paytda dunyoda orttirilgan immunitet tanqisligi sindiromi (OITS) xastaligiga chalinganlar soni oltmish milliondan oshgan. Agar kasallikning tarqalishi shu sur'atda davom etaversa, yaqin ikki-uch yil ichida bu raqam yana uch-to'rt marta ortishi mumkin. Taassufki, asr vabosi sifatida ko'rilayotgan mazkur xavf-xatar mamlakatimizni ham chetlab o'tmagan, xabar beradi UzA.Yurtimizda bu kasallikning oldini olish va unga chalinganlarga tibbiy-ruhiy madad berish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shu maqsadda O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi OITS markazlarida tegishli dastur va vazifalar ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Ayni paytda ijtimoiy jihatdan o'ta xavfli sanalgan OITS tarqalishining oldini olish borasida turli loyihalar ham amalga oshirilyapti. Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda World Vision xalqaro tashkiloti tomonidan moliyalashtirilgan "Sog'ligingizni oldindan saqlang" - SOS loyihasi ham ana shular sirasiga kiradi.- Loyihamiz kasallanish xavfi yuqori bo'lgan guruhlar va yoshlar orasida OITSning oldini olishga mo'ljallangan, - deydi mazkur loyiha milliy rahbari, tibbiyot fanlari doktori Shonosir Shovahobov UzA muxbiriga. - Buning uchun poytaxtimizda o'nta ishonch punkti va tegishli telefon aloqasi yo'lga qo'yildi. Maqsadimiz - yoshlarni sog'lom turmush tarziga amal qilgan holda, to'g'ri qaror qabul qilishga yo'naltirish va ularning tibbiy bilim doirasini kengaytirishdan iborat. Loyihada belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun narkolog, ginekolog, psixolog kabi yo'nalishlarda ish olib boruvchi malakali mutaxassislar jalb etilgan. | 12/12/05 | Free | View In iTunes |
| Total: 14 Episodes |
Listeners also subscribed to

- Tajiki Language Learning Podcasts
- СeLCAR, Indiana University
- View In iTunes

- Uyghur Language Learning Podcasts
- CeLCAR, Indiana University
- View In iTunes

- Kazakh Language Learning Podcasts
- СeLCAR, Indiana University
- View In iTunes

- Azeri Language Learning Podcasts
- СeLCAR, Indiana University
- View In iTunes

- Pashto Language Learning Podcasts
- СeLCAR, Indiana University
- View In iTunes

